Gobi qo'llanmasi
Bu qo'llanma Gobi bilan ishlashning har bir qadamini oddiy tilda tushuntiradi. Kompyuterni yaxshi bilmasangiz ham tushunarli bo'lishi uchun yozilgan.
Gobi nima
Gobi — bog'chalar va o'quv markazlari uchun boshqaruv tizimi. Bir joyda: bolalar ro'yxati, guruhlar, davomat jurnali, ota-onalarning qarzi va to'lovlari, markazning xarajatlari va hisobotlari.
Har bir markazning o'z alohida manzili bo'ladi — masalan umka.gobi.uz. Sizning ma'lumotlaringizni boshqa markaz hech qachon ko'ra olmaydi.
Daftar va Excel o'rniga Gobi ishlatilganda eng katta foyda shu: qarzni siz emas, tizim hisoblaydi. Bolani guruhga qo'shasiz — qolgani avtomatik.
Tizimga kirish
Xodimlar uchun
Brauzerga markazingiz manzilini yozing (masalan umka.gobi.uz), so'ng o'zingizga berilgan login va parolni kiriting. Login odatda ismingizdan olingan qisqa so'z bo'ladi — kamola kabi.
Ota-onalar uchun
Xuddi shu manzilda Ota-ona yorlig'ini tanlaydi va o'z telefon raqami hamda markaz bergan parol bilan kiradi. Raqam maydoni davlat kodi bilan to'ldiriladi — qanday yozilishini o'ylab o'tirmaysiz.
Til va rang
Yuqori o'ng burchakda til (o'zbekcha / ruscha / inglizcha) va kunduzgi–tungi rejim tugmalari bor. Tanlovingiz esda qoladi.
Sanalar
Butun tizimda sana kun.oy.yil ko'rinishida — 25.07.2026. Sana maydonini bosilsa kalendar ochiladi (oy va yil o'qlari bilan), xohlasangiz shu tartibda qo'lda ham yozishingiz mumkin.
Birinchi kunda nima qilish kerak
Markazni birinchi marta sozlayotgan bo'lsangiz, aynan shu tartibda yuring — har bir qadam o'zidan oldingisiga tayanadi.
- Ta'rif yarating — ya'ni oylik narx (Sozlamalar → Ta'riflar). Ta'rifsiz guruh yaratib bo'lmaydi.
- Tarbiyachilarni kiriting (Tarbiyachilar).
- Guruh yarating — nomi, ta'rifi, dars kunlari va tarbiyachisi bilan (Guruhlar).
- Bolalarni qo'shing (Bolalar → Yangi bola).
- Bolani guruhga qo'shing, keyin Faollashtirish tugmasini bosing — shu paytdan pul hisoblana boshlaydi.
- Har kuni davomat belgilang va to'lovlarni kiriting.
Ta'riflar (narxlar)
Ta'rif — bu narx shabloni. Bir marta yaratasiz, keyin uni bir nechta guruhga biriktirasiz. Narx o'zgarsa, ta'rifni tahrirlaysiz.
- Guruhlar uchun va to'garaklar uchun ta'riflar alohida turadi.
- Guruh yaratishda ta'rif tanlash majburiy — aks holda tizim qarzni nimadan hisoblashini bilmaydi.
- Ishlatilayotgan ta'rifni o'chirib bo'lmaydi. Avval guruhlarni boshqa ta'rifga o'tkazing.
Tarbiyachilar
Tarbiyachilar bo'limida dars beradigan xodimlar ro'yxati turadi. Har guruhga ikkitagacha asosiy tarbiyachi va yordamchilar biriktirish mumkin.
Tarbiyachiga tizimga kirish huquqi berish uchun uni Sozlamalar → Xodimlarbo'limida akkaunt sifatida qo'shasiz va Tarbiyachi rolini berasiz. Shunda u faqat o'ziga biriktirilgan guruhlarning davomatini yuritadi.
Guruhlar va to'garaklar
Guruh va to'garak — farqi nimada?
Ikkalasi ham bir xil ishlaydi: ta'rifi, jadvali, a'zolari, davomati va oylik to'lovi bor. Farqi faqat ma'noda — guruh asosiy mashg'ulot, to'garak qo'shimcha (shaxmat, ingliz tili va h.k.). Bola bir vaqtda faqat bitta guruhda bo'ladi, lekin to'garaklar soni cheklanmagan.
Guruh yaratishda so'raladigan narsalar
- Nomi va ta'rifi (narxi).
- Dars kunlari: toq kunlar (Du/Chor/Ju), juft kunlar (Se/Pay/Sha), dushanba–juma, dushanba–shanba, har kuni yoki o'zingiz tanlagan kunlar.
- Dars vaqti va tarbiyachi(lar).
- Boshlanish va tugash sanasi. Tugash sanasi yaqinlashganda ro'yxatda ogohlantirish chiqadi va tugagach pul hisoblanmay qo'yadi — kursni uzaytirish mumkin.
- Teglar — o'zingiz o'ylab topgan belgilar ("ertalabki", "VIP") bo'yicha keyin filtr qilasiz.
Guruh sahifasi
Guruh nomini bossangiz ikki qismli sahifa ochiladi: chapda guruh ma'lumoti va bolalar ro'yxati, o'ngda davomat jurnali. Bolalar ro'yxatida holat rang bilan ko'rinadi:
- sariq — sinovda (hali faollashtirilmagan, pul hisoblanmaydi);
- yashil — faol, qarzi yo'q;
- qizil — faol, qarzi bor;
- kulrang — muzlatilgan.
A'zolik holatlari
Bolaning guruhdagi holati to'rt xil bo'ladi:
- Sinovda — endi qo'shildi. Davomat yuritiladi, lekin pul hisoblanmaydi. Bola bir-ikki kun kelib ko'rishi uchun.
- Faol — Faollashtirish bosilgan. Shu paytdan qarz yozila boshlaydi.
- Muzlatilgan — vaqtincha to'xtatilgan (kasal, ta'til). Davomat ham, pul ham to'xtaydi. Sababini yozib qo'yasiz.
- Arxivda — guruhdan chiqarilgan. Ma'lumot yo'qolmaydi, guruhning Arxiv bo'limida turadi.
Bolalar
Bola qo'shish
Bolalar → Yangi bola. Bolaning ismi va ota-onasining ismi kifoya; qolgan maydonlarni markaz o'zi tanlaydi (pastdagi Sozlamalar bo'limiga qarang).
Agar shu ism (va tug'ilgan sana) bilan bola avval ro'yxatda bo'lgan bo'lsa, tizim ogohlantiradi va Eski profilni ochish yoki Baribir yangi qo'shish deb so'raydi — shunda bir oila ikki marta kiritilib qolmaydi.
Ro'yxat bilan ishlash
- Qidiruv bola ismi, ota-ona ismi va telefon raqami bo'yicha ishlaydi.
- Holat bo'yicha filtr: faol, sinovda, muzlatilgan, guruhsiz, arxivda.
- Ustunlar tugmasi bilan kerakli ustunlarni yoqasiz — tanlovingiz shu brauzerda esda qoladi.
- Excel tugmasi ekranda ko'rinib turgan ro'yxatni aynan o'sha filtrlar bilan yuklab beradi.
Bola profili
Ism ustiga bosilsa profil ochiladi. U yerda:
- bola va ota-ona ma'lumoti, ota-onaning telefon raqami (uning logini);
- balansi — qizil bo'lsa qarzdor, yashil bo'lsa avans to'lagan;
- guruh va to'garaklari, ularni shu yerdan faollashtirish/muzlatish;
- tranzaksiya tarixi — har bir qarz va to'lov, kim va qachon kiritgani bilan. Har qatordan chek chop etsa bo'ladi;
- davomat tarixi.
Davomat
Davomat guruh sahifasining o'ng tomonida — jadval ko'rinishida. Ustunlar dars kunlari, qatorlar bolalar. Katakka sichqoncha olib borilsa uchta tugma chiqadi:
- Keldi
- Kelmadi — sababsiz. Pul qaytarilmaydi.
- Sababli — kasallik va shunga o'xshash. Shu kun uchun pul qaytariladi.
Bosilgan tugmani yana bossangiz belgi olib tashlanadi.
Qoidalar
- Kelajakdagi sanaga davomat qo'yib bo'lmaydi.
- Tahrirlash muddati: joriy oy va o'tgan oyning oxirgi 5 kuni. Undan eskisi yopiladi — hisobot buzilmasligi uchun.
- Bayram (dam olish) kuniga davomat qo'yilmaydi.
- Muzlatilgan bolaga davomat yuritilmaydi.
- Kim belgilaydi: tarbiyachi faqat o'ziga biriktirilgan guruhlarga; rahbar va administrator hamma guruhga.
Pul qanday hisoblanadi
Bu qo'llanmaning eng muhim qismi. Gobi'da qarzni tizim o'zi yozadi, siz faqat to'lovni kiritasiz.
1. Qarz qachon yoziladi
- Faollashtirgan kuningizda — oyning qolgan darslariga proporsional. Masalan oylik 300 000 so'm, oyda 14 dars, siz oy o'rtasida faollashtirdingiz va 7 dars qoldi → 150 000 so'm yoziladi.
- Har oyning 1-sanasida — to'liq oylik summa, avtomatik, tunda. Hech kim hech nima bosishi shart emas.
2. Balans qanday chiqadi
Balans = yozilgan qarzlar − qabul qilingan to'lovlar
Bola profilida to'lov + yashil, qarz − qizil ko'rinadi. Ortiqcha to'lansa avans bo'lib turadi va keyingi oy qarzini o'zi yopadi.
3. Pul qachon qaytariladi
- Sababli kelmagan kun — o'sha bir kunlik narx qaytariladi.
- Bayram kuni — agar dam olish kunini qo'shishda "bola to'loviga ta'sir qiladi" belgilangan bo'lsa.
- Muzlatish va guruhdan chiqarish — o'sha oyda o'qilmay qolgan kunlar uchun. Buni tizim so'raydi: O'qilmagan kunlar uchun pul qaytarilsinmi? — belgilash o'zingizga havola.
Bunday qaytarishlar tarixda "Tizim" deb belgilanadi. Ular naqd pul emas — shunchaki bolaning qarzini kamaytiradi, shuning uchun kassaga tegmaydi.
4. To'lov kiritish
Moliya → To'lovlar yoki to'g'ridan-to'g'ri bola profilidagi To'lov tugmasi. Summani kiritasiz, usulini tanlaysiz (naqd, karta, o'tkazma) — tizim uni eng eski qarzdan boshlab o'zi taqsimlaydi.
Moliya bo'limi
Moliya bo'limi markazning butun pul harakati. Chap menyudagi Moliya ustiga bosilsa bo'limlar ro'yxati ochiladi:
- Barcha to'lovlar — qabul qilingan pullar: qaysi bola, qaysi guruh uchun, kim kiritgani bilan.
- Qarzdorlar — kimda qancha qarz bor va necha kundan beri. Telefon raqami yonida turadi.
- Hisob-fakturalar — yozilgan qarzlar. Bu yerdan qo'lda qarz qo'shish, bekor qilish yoki qarzni kechirish (hisobdan chiqarish) mumkin.
- Xarajatlar — oylik, ijara, kommunal, materiallar va boshqalar.
- Tuzatmalar — muzlatish, guruhdan chiqish yoki chegirma tufayli qayta hisoblangan summalar.
- Qaytarishlar — ota-onaga naqd qaytarilgan avans. Bu xarajat emas: markazning puli emas, oilaning puli qaytariladi.
Moliya sahifasining o'zi — hisobot: yuqorida davr tanlanadi (shu oy, o'tgan oy yoki ixtiyoriy sana oralig'i), pastda o'sha davr uchun kirim, hisoblangan summa, xarajat va sof foyda; undan keyin esa davrga bog'liq bo'lmagan hozirgi holat — qarzdorlik, uning yoshi va kassa qoldig'i.
Har bir bo'limdagi ro'yxatni Excel'ga yuklab olish mumkin.
Xato yozuvni tuzatish
Har qanday yozuvni tahrirlash yoki o'chirish mumkin — lekin iz qoladi. O'chirilgan qarz yoki to'lov ro'yxatdan yo'qolmaydi: ustidan chizilgan holda bekor qilingan yorlig'i bilan turadi, yoniga esa teskari yozuv tushadi. Balans darhol to'g'rilanadi.
Hisobotlar
Hisobotlar bo'limi bolalar bo'yicha umumiy manzarani ko'rsatadi: nechta faol, sinovda, muzlatilgan, guruhsiz; oylar kesimida nechta bola qo'shildi va nechtasi ketdi; bitta boladan tushgan o'rtacha tushum.
Xodimlar va ruxsatlar
Sozlamalar → Xodimlar. Bu yerda akkaunt yaratasiz va rol berasiz. Rol xodim nima qila olishini belgilaydi.
- Kompaniya egasi — hamma narsa. Markazda bitta ega bo'ladi: bu akkauntni o'chirib ham, boshqa rolga ko'chirib ham bo'lmaydi.
- CEO — ega bilan bir xil ko'lam, lekin bu rolni kerak bo'lmasa o'chirib yuborish mumkin. Hammasini ko'radigan ikkinchi odam uchun shu rol beriladi.
- Administrator — bolalar, guruhlar, davomat, xodimlar.
- Tarbiyachi — faqat o'ziga biriktirilgan guruhlarning davomati.
- Buxgalter — moliya: hisob-fakturalar, to'lovlar, xarajatlar, hisobotlar.
- Filial direktori — bitta filialning ishi.
Tayyor rollar yetmasa, o'z rolingizni yaratib, har bir bo'lim uchun "ko'rish / qo'shish / tahrirlash / o'chirish" ruxsatlarini alohida belgilashingiz mumkin.
Sozlamalar
- Ta'riflar — narxlar.
- Teglar — guruh va bolalarga yopishtiriladigan belgilar, keyin ular bo'yicha filtr qilasiz.
- Sabablar — muzlatish va guruhdan chiqarish sabablarining tayyor ro'yxati. Har safar qo'lda yozib o'tirmaslik uchun.
- Dam olish kunlari — bayramlar. Ikkita belgisi bor: bolaning to'loviga ta'sir qiladimi va tarbiyachining oyligiga ta'sir qiladimi. Faqat kelasi sanalarni qo'shish mumkin, sana kelgach o'zgartirib bo'lmaydi.
- Bola maydonlari — bola qo'shishda qaysi maydonlar so'ralishi va qaysilari majburiy ekanini o'zingiz tanlaysiz (jinsi, manzil, telegram, pasport va h.k.).
- Bildirishnomalar — tizim ichidagi xabarlar.
- Arxiv — quyidagi bo'limga qarang.
Arxiv va o'chirish
Gobi'da hech narsa tasodifan yo'qolmaydi. O'chirish ikki bosqichda bo'ladi:
- Oddiy o'chirish — profil Sozlamalar → Arxiv ga tushadi. Istagan paytda tiklaysiz.
- Arxivdan o'chirish — profil butunlay o'chadi.
Ikkinchi qadamda ham to'lov va qarz yozuvlari o'chmaydi — moliya hisoboti buzilmasligi kerak. Agar bolaning pul tarixi bo'lsa, u yozuvlarda ism o'rniga "Profilsiz foydalanuvchi" deb qoladi, qolgan barcha shaxsiy ma'lumot o'chiriladi.
Shuning uchun oila keyin qaytib kelsa — u yangi mijoz sifatida kiritiladi, tizim "bu odam allaqachon bor" demaydi.
Guruhning ham o'z arxivi bor: guruhdan chiqarilgan bolalar o'sha yerda, davomat tarixi bilan turadi.
Ota-ona kabineti
Ota-ona markaz manzilida Ota-ona yorlig'i orqali o'z telefon raqami va paroli bilan kiradi. Bir oilada bir nechta bola bo'lsa, hammasi shu bitta akkauntda ko'rinadi:
- balansi (qarzi yoki avansi);
- shu oydagi davomati.
Ota-ona hech narsani o'zgartira olmaydi va boshqa bolalarni ko'rmaydi.
Ko'p so'raladigan savollar
Bolani o'chirsam to'lov tarixi yo'qoladimi?
Yo'q. Pul yozuvlari har doim saqlanadi, hisobot to'g'ri qolaveradi.
Nega bu bolaga qarz yozilmadi?
Odatda sabablardan biri: a'zolik hali sinovda, bola muzlatilgan, yoki guruhning tugash sanasi o'tib ketgan.
Oy o'rtasida qo'shilgan bolaga to'liq oylik yozildimi?
Yo'q. Faqat qolgan darslarga proporsional summa yoziladi.
Qarzni kechirsam bo'ladimi?
Ha — Moliya → Yechib olingan summalar da qarzni hisobdan chiqarasiz. U kassaga kirim bo'lib yozilmaydi, shunchaki qarz yopiladi.
Ota-ona parolini unutdi
Ota-ona o'z telefon raqami bilan kiradi; parolni rahbar bola profilida yoki Ota-onalar ro'yxatida ko'ra oladi va kerak bo'lsa yangisini qo'yadi.
"O'rin to'ldi" degan xabar chiqdi
Markazingiz ta'rifidagi joy soni tugagan. Hisob faqat asosiy guruhlardagi bolalar bo'yicha yuritiladi — to'garaklar, xodimlar, filiallar va ota-ona kabinetlari sanalmaydi. Xabarda keyingi ta'rif va kimga yozish kerakligi ko'rsatiladi; ta'rif ko'tarilishi bilan joy o'sha zahoti ochiladi.
Xato yozuvni o'chirsam, ro'yxatdan yo'qoladimi?
Yo'q. Qator ustidan chizilgan holda qolib, bekor qilingan deb belgilanadi va yoniga teskari yozuv tushadi. Balans to'g'rilanadi, tarix esa saqlanadi — kim yozgani ham, kim bekor qilgani ham ko'rinib turadi.
Bir bolani ikkita guruhga qo'sha olmayapman
Asosiy guruh bitta bo'ladi. Qo'shimcha mashg'ulotlar uchun to'garak yarating — ular cheklanmagan.
Yordam kerak
Telegram orqali yozing: t.me/gobi_support.
